Kitob – tafakkur va ma’naviyat manbai
Kitob – tafakkur va ma’naviyat manbai

Kitob – tafakkur va ma’naviyat manbai

30-iyun – Yoshlar kuni tadbirlari doirasida “Kitobxonlik madaniyatini oshirish kuni” munosabati bilan tumanda kitobxonlikni keng targ’ib etish, yoshlarning mutolaa madaniyatini yuksaltirish hamda ularda badiiy adabiyotga bo’lgan qiziqishni oshirish maqsadida “Kitob sovg’a” aksiyasi tashkil etildi.

Bugun tuman axborot-kutubxona markazida o’tkazilgan tadbirda tuman hokimi Nargiza Nematova, tuman prokurori Feruz Ochilov, ijtimoiy soha rahbarlari, faol kitobxon yoshlar, o’quvchilar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda mutolaaning inson kamoloti, tafakkuri va ma’naviy tarbiyasidagi beqiyos o’rni alohida e’tirof etilib, yoshlar qalbida kitobga mehr uyg’otish, kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish bugungi kunning eng muhim vazifalaridan biri ekani ta’kidlandi.

Tadbir davomida O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Dilobar Jurayevaning “Qismat chorrahasi” asari kitobxonlarga tanishtirildi. Asarda ilgari surilgan hayotiy voqealar, insoniy fazilatlar va tarbiyaviy g’oyalar yuzasidan qiziqarli fikr almashilib, kitob mutolaasining yoshlar tafakkurini boyitishdagi ahamiyati haqida so’z yuritildi.

Shunda so`ng tuman hokimi Nargiza Nematova yoshlarni kitob bilan do’st bo’lishga, bo’sh vaqtlarini mazmunli o’tkazishga va badiiy adabiyotlarni muntazam mutolaa qilishga chorladi. Shuningdek, o’zining sevimli asarlari haqida ham so’z yuritib, Alisher Navoiyning “Mahbub ul-qulub”, O’tkir Hoshimovning “Daftar hoshiyasidagi bitiklar” va “Ikki eshik orasida”, Pirimqul Qodirovning “Yulduzli tunlar”, Odil Yoqubovning “Ulug’bek xazinasi”, Li Kuan Yuning “Uchinchi dunyodan birinchi dunyoga”, Yulian Semyonovning “Bahorning o’n yetti lahzasi”, Aleksandr Dyumaning “Graf Monte-Kristo”, Breyan Treysining “Lider shaxsiyati”, Rashod Nuri Guntekinning “Choliqushi” asarlari hamda Zulfiya she’rlari o’zining hayotiy qarashlari va dunyoqarashini shakllantirishda muhim o’rin tutganini qayd etdi.

Tuman hokimi kitob insonning fikrlash doirasini kengaytirishi, ma’naviy kamolotiga xizmat qilishi, mustaqil fikrlashni rivojlantirishi hamda hayotda to’g’ri yo’l tanlashda eng yaqin yo’ldosh bo’lishini alohida ta’kidladi.

Tadbirda so’zga chiqqan tuman prokurori Feruz Ochilov hamda tuman Oila va xotin-qizlar bo’limi boshlig’i Nasiba Jumayeva kitob mutolaasi yoshlarning huquqiy ongi, ma’naviy immuniteti va mustahkam hayotiy pozitsiyasini shakllantirishdagi beqiyos ahamiyati haqida fikr bildirib, yosh kitobxonlarga o’z tavsiyalarini berdi.

Tadbir yakunida faol kitobxonlarga badiiy adabiyotlar sovg’a qilindi. Mutasaddilar tomonidan kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish, mutolaani ommalashtirish va yoshlar o’rtasida kitobga mehr uyg’otishga qaratilgan bunday ezgu tashabbuslar kelgusida ham izchil davom ettirilishi ta’kidlandi.

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *