“Bitta qizni o‘qitsak, butun oilaga ta’lim bergan bo‘lamiz. Ayollari ma’rifatli bo‘lgan xalq albatta baxtli bo‘ladi.”
Shavkat Mirziyoyev




Bugun Olot tumanidagi muhtasham Madaniyat va ma’rifat maskanida “Ilmli ayol – kuchli jamiyat” mavzusida forum bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbir xotin-qizlarning ta’lim olishi, zamonaviy kasb-hunarlarni egallashi, ilm-fan va innovatsiyalar sohasidagi faolligini oshirish hamda ularni yangi marralar sari ruhlantirishga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.





Forum avvalida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova hamda tuman hokimi Nargiza Nematova so‘zga chiqib, mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularning sifatli ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi va jamiyat hayotidagi o‘rnini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida atroflicha fikr yuritdilar.






Ta’kidlanganidek, bugungi kunda Yangi O‘zbekistonda ayollarni qo‘llab-quvvatlash, ularning bilim va salohiyatini ro‘yobga chiqarish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Xususan, ehtiyojmand oilalardagi qizlar uchun alohida grantlar ajratilishi, foizsiz ta’lim kreditlari, magistratura bosqichidagi kontrakt to‘lovlarining davlat tomonidan qoplab berilishi hamda boshqa qator imtiyozlar minglab qizlarning orzularini ro‘yobga chiqarishga xizmat qilmoqda.


Forum davomida viloyat va respublika miqyosida faoliyat yuritayotgan olimalar, professorlar, IT-mutaxassislar, pedagoglar va jamoatchilik faollari o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdilar. Jumladan, Buxoro viloyati hokimi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i, biologiya fanlari doktori Artikova Hafiza To‘ymurodovna, IT mutaxassisi va innovatsion loyihalar asoschisi Bo‘ronova Gulnora Yodgorovna, “Ayol ma’rifati” jamoatchilik kengashi hududiy tayanch guruhi raisi, professor Sharipova Laylo Frunzeyevna hamda “Oqila ayollar” harakati viloyat rahbari, tibbiyot fanlari doktori Achilova Donoxon Nutfulloyevna kabi mutaxassislar xotin-qizlar ta’limi va jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.
