


1-Iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan tumanimizda tashkil etilgan madaniy-ma’rifiy tadbirlar bolajonlarga katta quvonch ulashmoqda.



Ma’lumki, bolalar – hayotimizning eng bebaho boyligi, kelajagimiz bunyodkorlari va yurtimiz ravnaqining ishonchli davomchilaridir. Mamlakatimizda yosh avlodning har tomonlama barkamol voyaga yetishi, ularning ta’lim olishi, iste’dod va qobiliyatlarini namoyon etishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Bolalar manfaatlarini himoya qilish, ularning mazmunli hordiq chiqarishini ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Shu munosabat bilan tuman markazida joylashgan Madaniyat va ma’rifat maskanida 400 nafardan ortiq bolajonlar va ularning yaqinlari uchun “Adashgan uloqcha” nomli teatrlashtirilgan tomosha namoyish etildi. Rang-barang sahna ko‘rinishlari, qiziqarli voqealar va ertaknamo obrazlar bolalarning katta qiziqishiga sabab bo‘ldi.
Tadbirda tuman hokimi Nargiza Nematova ishtirok etib, yig‘ilganlarni Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni bilan samimiy muborakbod etib. Bolalar hayotimizning eng oliy ne’mati ekanligini, ularning baxtli va farovon hayot kechirishi uchun mamlakatimizda izchil islohotlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi. Shuningdek, yosh avlodni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning bilimli, vatanparvar va komil inson bo‘lib voyaga yetishlari uchun barcha imkoniyatlar yaratilayotganligi qayd etildi.
Tadbir davomida kuni kecha tumanimizda o‘tkazilgan bayram tadbirlari ham aynan bolajonlar manfaatlariga qaratilgani, bu kabi ezgu tashabbuslar kelgusida ham davom ettirilishi haqida so‘z yuritildi. Bolalarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni san’at va madaniyatga oshno etish muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Mehnat shuhrati ordeni sohibi Bo‘ron Akobirov tomonidan sahnalashtirilgan teatrlashtirilgan tomosha bolalar tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi. Asarda Uloq, Ayiq, Tulki, Bo‘ri va Yalmog‘iz kampir kabi qahramonlar obrazlari orqali do‘stlik, ahillik, mehr-oqibat va yaxshilikning yovuzlik ustidan g‘alaba qilishi g‘oyalari targ‘ib etildi. Aktyorlarning mahoratli ijrosi tomoshabinlarda iliq taassurot qoldirdi.
Shuningdek, Buxoro Madaniyat va drama teatri san’atkorlari tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar bayramga yanada ko‘tarinki ruh bag‘ishladi. Jarangdor kuylar va quvnoq qo‘shiqlar bolajonlarning kayfiyatini ko‘tarib, ularga haqiqiy bayram shukuhini his etish imkonini berdi.
Tadbir davomida bolalar uchun yaratilgan qulay sharoitlar, qiziqarli sahna ko‘rinishlari va ko‘ngilochar dasturlar ularning quvonchiga quvonch qo‘shdi. Bolajonlarning yuzidagi tabassum, quvonch va hayajon bayramning eng katta yutug‘i bo‘ldi.
Tadbir yakunida bolajonlarga muzqaymoqlar tarqatildi. Bu esa bayramning eng zavqli va quvonchli lahzalaridan biriga aylandi.




Chindan ham bolalar kulgisi yangragan maskanda ezgulik va baxt hukm suradi. Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan tashkil etilgan ushbu tadbir ham bolajonlarga unutilmas xotiralar ulashib, ularning qalbida uzoq vaqt saqlanib qoladigan yorqin taassurotlar qoldirdi.
